TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) Qozog‘istondan qayta tiklangan tranzit doirasida neft qabul qilishni boshladi. Bu haqda zavod matbuot xizmati xabar qildi.
Barqaror neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida dekabr oyida zavodga 35 ming tonnagacha xom neft yetkazib berilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, keltirilayotgan xomashyo to‘liq O‘zbekiston ichki bozoriga yo‘naltiriladigan neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga xizmat qiladi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, qulay bozor konyunkturasi sharoitida neft yetkazib berish hajmi yiliga 500 ming tonnagacha oshirilishi mumkin.
Qo‘shimcha xomashyo hajmlari zavodning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, shuningdek ichki iste’mol uchun benzin, dizel yoqilg‘isi, avia kerosin hamda moylar ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil may oyida O‘zbekistondagi yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri — XK MChJ “Sanoat Energetika Guruhi” (sobiq "Jizzax Petroleum") Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 100 foiz ulushini 100 million dollarga sotib olgan.
Ayni paytda kompaniya ulushiga O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmining taxminan 5 foizi to‘g‘ri keladi. Korxona balansida 100 taga yaqin neft va gaz koni mavjud bo‘lib, ularning 30 tadan ortig‘ida gaz qazib olish ishlari olib borilmoqda.