TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Toshkentda MDHga a’zo davlatlarning atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha komissiyasining 26-majlisi doirasida qator bayonotlar bildirildi, deya xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nozim Muksinovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xalqaro yadro-energetika muloqotida faol ishtirok etmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan milliy yadro-energetika dasturi izchil amalga oshirilmoqda, jumladan, atom elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
V Tashkente proxodit zasedanie Komissii gosudarstv-uchastnikov SNG po ispolzovaniyu atomnoy energii v mirnix selyax
© Sputnik
Shuningdek, fuqarolik sohalarida tinch atomdan foydalanish, xususan, onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashni yaxshilash uchun yadroviy tibbiyotning zamonaviy infratuzilmasini yaratish va qishloq xo‘jaligida radiatsiya texnologiyalarini joriy etish loyihalariga e’tibor qaratildi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori maslahatchisi Mixail Lisenko Rossiya uchun ham tinch atom ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi.
MDH bosh kotibi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov esa O‘zbekiston iqtisodiyoti va aholisi o‘sib borayotgani sababli elektr energiyasi quvvatlarini oshirish zarurligini qayd etib, AESning ishga tushirilishi energetika tizimining barqarorligi va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishini bildirdi.