TOShKENT, 17 dek — Sputnik. O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati aholi tomonidan baholanadi: fuqarolar xizmatdan foydalanganidan so‘ng maxsus QR-kodni skaner qilib, belgilangan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha baho va fikr qoldiradi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, davlat xizmatidan foydalangan fuqarolar xizmat ko‘rsatilgandan so‘ng maxsus QR-kodni skaner qilish orqali belgilangan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha baho qo‘yadi va o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin.
Davlat xizmatlarini baholashda quyidagi asosiy mezonlar inobatga olinadi:
xizmat ko‘rsatish sifati;
xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilgani;
xizmatdan foydalanish imkoniyati va qulayligi.
Qoldirilgan 3 yoki undan past baho, shuningdek salbiy fikrlar davlat xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida avtomatik tarzda tegishli vakolatli organlarga hamda Adliya vazirligiga yuboriladi.
Mazkur holatlarga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Agar baholash natijalarida ijobiy o‘zgarishga erishilmasa, Adliya vazirligi tomonidan mas’ul xodimlarni davlat xizmatlari ko‘rsatishdan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.
Shuningdek, baholash natijalari asosida davrlar kesimida, vakolatli organlar hamda hududlar (viloyatlar va tuman/shaharlar) bo‘yicha reyting shakllantiriladi. Ushbu reytinglar har chorak, yarim yillik va yil yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) e’lon qilib boriladi.