"Elektron retsept" tizimini joriy etish tartibi belgilandi

Ilk bosqichda antibiotiklar va gormonal dori vositalari faqat shifokor tomonidan raqamli shaklda tayinlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. O‘zbekistonda “Elektron retsept” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibi belgilandi. Tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga muvofiq, bemorlarga tayinlanadigan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi.
Elektron retseptga o‘tkaziladigan dori vositalarining guruhlarini shakllantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan Ekspertlar kengashi tashkil etiladi.
Elektron retsept tizimini joriy etishning birinchi bosqichida quyidagi dori vositalari faqat elektron retsept asosida tayinlanadi:
antibiotiklar va tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari;
tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan 1003 qisqa raqamli Call-markaz orqali yotoq rejimida bo‘lgan hamda surunkali kasallikka chalingan bemorlar uchun qator imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, ular:
o‘zlariga biriktirilgan oilaviy shifokorga murojaat qilish;
davolash kursini davom ettirish maqsadida oilaviy shifokor yoki tor soha mutaxassisiga masofadan murojaat qilish orqali elektron retsept olish imkoniga ega bo‘ladi.
Elektron retsept tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi - SSV