TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim papasi Lev XIV ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Marosim chog‘ida elchi O‘zbekiston prezidenti nomidan Rim papasiga samimiy salom va ezgu tilaklarni yetkazdi.
Rim papasi Lev XIV, o‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etib, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 33-yil to‘lganini qayd etdi.
U ushbu davr mobaynida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik shakllanganini ta’kidladi.
Shuningdek, Rim papasi Samarqandning Sharq va G‘arbni bog‘lagan falsafiy va diniy tafakkur markazi sifatidagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi hamda O‘zbekistonning dinlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ilgari surish borasidagi xalqaro tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini alohida qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi hamda o‘rindoshlik asosida Andorradagi elchisi hisoblanadi.