TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Qozog‘iston dekabr oyida O‘zbekiston yo‘nalishida neft tranzitini qayta tiklab, 35 ming tonnagacha neft jo‘natishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston magistral neft quvurlari operatori — “Kaztransoyl” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi yo‘nalishida neft tranziti qayta yo‘lga qo‘yiladi. Joriy oyda mazkur yo‘nalish bo‘yicha 35 ming tonnagacha neft yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, operator 2017-yildan beri ilk bor Qirg‘izistonga neft yetkazib berish noyabr oyida qayta tiklanganini ma’lum qildi. Yil oxirigacha Qirg‘izistonga 30 ming tonnagacha neft jo‘natish rejalashtirilmoqda.
Tushuntirilishicha, neft barcha yo‘nalishlar bo‘yicha magistral neft quvurlari tizimi orqali “Kaztransoyl”ga qarashli “Shag‘ir” neft quyish punktigacha yetkaziladi. U yerda neft temir yo‘l sisternalariga quyiladi.