Kadastr, bojxona va elektr sohasi xodimlari korrupsiya ishlari bo‘yicha qo‘lga olindi

Surxondaryo va Namanganda mansabdorlar xizmat mavqeyidan foydalanib, pora va firibgarlik holatlarida qo‘lga olindi. DXX jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi
Sputnik
TOShKENT, 14 dek — Sputnik Surxondaryo va Namangan viloyatlarida korrupsiya va firibgarlikka qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Surxondaryo viloyatida Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor xodimi xizmat mavqeyidan foydalangan holda, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning 20 ming AQSh dollarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari yordamida “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikistonga olib chiqib berishni va’da qilgan. Evaziga u fuqarodan 400 dollar olgan va aynan shu paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v”-bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik) hamda 25,211-moddasi 1-qismi (pora berish jinoyatini sodir etishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Namanganda esa tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga tegishli oziq-ovqat do‘konining tashqi qismiga qurilgan bostirma uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan va buning evaziga 5 million so‘m talab qilgan. U 3 million so‘m olgan vaqtda ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi — tamagirlik yo‘li bilan pora olish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energosavdo” filialida yuriskonsul vazifasida ishlovchi shaxs ham qo‘lga olindi. U Kosonsoy tumanida yashovchi fuqaroning uyida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati aniqlanganidan so‘ng, rasmiy dalolatnoma asosida tayinlangan 28,6 million so‘mlik jarimani elektron tizimga kiritmasdan bartaraf etishni va’da qilgan. U fuqarodan 2 ming dollar olgan paytda ushlangan.
Hozirda unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v”-bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Samarqand viloyatida 300 ming dollar evaziga yer ajratishni va’da qilgan fermer ushlandi