TOShKENT, 12 dek – Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) dorilar elektron retsept asosida berilishi bo‘yicha turli muhokamalar paydo bo‘lgani sababli holatga tushuntirish berdi.
Unda aytilishicha, “Elektron retsept” tizimini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davolash xavfsizligini oshirish va bemorlar salomatligini himoya qilish, shifokorlarning dori tayinlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, dori vositalarini tayinlash jarayonini tartibga solish, sog‘liqni saqlash tizimida raqamli hisobga o‘tish, shuningdek, kontrafakt yoki noto‘g‘ri qo‘llanayotgan dori vositalari aylanmasi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish.
Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026-yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu natijalarni tahlil qilish, aniqlangan tashkiliy va texnik muammolarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning xavotirini to‘liq tushunadi va ta’kidlaydiki, favqulodda holatlarda, shuningdek, bolalarga, keksa yoshdagi shaxslarga va surunkali kasallikka chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori vositalarisiz qolmaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratda bo‘ladi”, - deyiladi bayonotda.
Yangi tizimni joriy qilish davri mobaynida SSVda vazir rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etilgan. Bu guruh tarkibiga shifokorlar, dorixona tashkilotlari va AKT mutaxassislari kiradi.
Ishchi guruh tizimning amalda qo‘llanilishini muntazam monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga tushayotgan yuklamani, raqamli servislar barqarorligini va dori vositalarini berish tartibini tahlil qiladi. Zarur hollarda tezkor tarzda tegishli tuzatishlar kiritiladi.
Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududlarida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan “Elektron retsept” tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun Telegram @ssv_pilotbot tashkil etildi.
Ushbu bot orqali ushbu tizim va dori vositalarini berish bilan bog‘liq barcha murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.
Ta’kidlanishicha, “Elektron retsept” tizimini joriy qilish jarayonlari haqida SSVjamoatchilikni muntazam xabardor qilib boradi.