TOShKENT, 12 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Turkmaniston prezidenti va qardosh xalqini mamlakat betarafligi e’lon qilinganining 30-yilligi, ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan xalqaro forum yuqori saviyada tashkil etilgani hamda 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilingani bilan samimiy tabrikladi.
Shavkat Mirziyoyev provel v gorode Ashxabade vstrechu s Prezidentom Turkmenistana Serdarom Berdimuxamedovim.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Turkmaniston prezidentining yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sherikligini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb bir milliard dollarga yetdi. “Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Yuk tashish hajmi 30 foizga oshdi, jumladan, Turkmanboshi porti orqali yetkazib berish faollashdi. Faol gumanitar va hududlararo almashinuvlar davom etmoqda.
Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi va Hududlar forumining bo‘lajak yig‘ilishlarida savdo hajmini karrasiga oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari, xususan, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni samarali ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyev provel vstrechu s Gurbanguli Berdimuxamedovim
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Suhbat davomida O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, birinchi navbatda, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqishdi.
Eslatamiz, Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘lib turibdi. Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston rahbari Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30-yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025-yil "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.