Gazlashtirilmagan uylar uchun elektr energiyasiga 50 foiz chegirma berilishi mumkin

Isitish mavsumida pasaytirilgan tariflar 2000 kVt⋅soatgacha, yilning boshqa vaqtlarida esa 1000 kVt⋅soatgacha iste’mol qilinganda amal qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 dek – Sputnik. O‘zbekistonda gazlashtirilmagan hududlardagi uylar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Energetika vazirligi tegishli taklifni ishlab chiqqan.
Loyihaga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi maishiy iste’molchilarga (subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki tabiiy gazdan foydalanmagan taqdirda) oylik iste’mol hajmiga qarab:
isitish mavsumida — 2000 kVt·soatgacha;
isitish mavsumidan tashqari — 1000 kVt·soatgacha;
Elektr energiyasi iste’moli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qo‘llash nazarda tutilmoqda.
“Hisob-kitoblar va texnik audit yakuniga ko‘ra, umumiy xulosa shakllantiriladi va shundan so‘ng takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi ta’minlanadi”, - deyilgan xabarda.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qonunchilik palatasi majlisida mamlakatda isitishda gazdan to‘liq voz kechilishi va elektr bo‘yicha imtiyozli tariflar joriy etilishini ma’lum qilgan edi.
Qishda elektr va gaz o‘chmasin — prezident yig‘ilishda yana qanday topshiriqlar berdi?