Toshkentda sotish uchun olib ketilayotgan qariyb 3 kg gashish qo‘lga olindi

Andijon–Toshkent yo‘lidagi tezkor tadbir davomida qariyb 3 kg gashish olib ketayotgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi, modda musodara qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 11 dek — Sputnik. Qirg‘izistondan olib kelingan salkam 3 kilogramm narkotik modda Toshkent shahrida sotilishing oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida DXX va Ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir chog‘ida “Andijon – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lacetti” to‘xtatilib tekshirilgan va undan 2 kg 994 gramm gashish moddasi topilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobilni boshqarib borayotgan, 1984-yilda tug‘ilgan Andijon shahri fuqarosi J.R.ga tegishli giyohvand modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tezkor harakatlar davomida uning jinoiy sherigi, 1993-yilda tug‘ilgan G‘.N. ham qo‘lga olingan. Tergovda aniqlanishicha, ular gashishni Qirg‘izistondagi narkosavdogarlardan 23 ming dollarga xarid qilib, kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kirgan va Toshkentda sotishni rejalashtirgan.
Hozir ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchilarga “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Besh yilda 83 foizga oshgan — MOda giyohvand va sintetik moddalar bo‘yicha ma’lumot berildi