TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (UNDP) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Milliy markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatni imzolash marosimi Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan Inson huquqlari uyida tashkil etilgan tantanali tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.
Memorandumni BMTTDning mamlakatdagi doimiy vakili Akiko Fudzii va Milliy markaz direktori Akmal Saidov imzoladi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikning umumiy maqsadi shaffoflik va hisobdorlikni oshirish hamda inson huquqlariga hurmat bilan yondashgan holda biznes yuritish amaliyotini joriy etishga qaratilgan asosiy islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat ekanini qayd etishdi. Bu, o‘z navbatida, yanada inklyuziv, barqaror va xalqaro miqyosda raqobatbardosh tadbirkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, bu Memorandum qashshoqlik va tengsizlikka qarshi kurashishdan tortib, sifatli ta’limni ta’minlash, gender tenglikni rivojlantirish, barqaror institutlarni mustahkamlash, odil sudlovga teng va adolatli erishish kabi ustuvor yo‘nalishlarda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning aniq mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Natsionalniy sentr po pravam cheloveka i PROON podpisali memorandum
© Natsionalniy sentr RUz po pravam cheloveka
O‘zbekiston tomoni BMT Taraqqiyot dasturiga milliy BRM sharhlari va hisobotlarini tayyorlashda ko‘rsatilgan amaliy yordam, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va inson huquqlariga rioya etish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni aniq aks ettirishdagi ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun: dunyoning qariyb 170 ta mamlakatida global mavjudlikka ega bo‘lgan BMTTD ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakat darajasidagi operativ bo‘linmasi vazifasini bajaradi. BMTTD barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, qashshoqlikni tugatish, ayollar huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, oqilona boshqaruv va qonun ustuvorligini mustahkamlash maqsadida ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib boradi.