O‘zbekiston va YeOII

Markaziy Osiyoga milliardlab sarmoya kelishi mumkin — YeOTB Abu-Dabida yangi platformani ochdi

YeOTB Abu-Dabida vakolatxona ochib, Fors ko‘rfazi investorlari uchun Markaziy Osiyodagi infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalariga kirishni yengillashtiruvchi platforma yaratmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 10 dek — Sputnik. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Fors ko‘rfazi mamlakatlari investorlari uchun Markaziy Osiyodagi loyihalarga kirish imkonini kengaytirish maqsadida maxsus investitsiya platformasini yaratmoqda.
Shu maqsadda YeOTB BAA poytaxti Abu-Dabidagi ADGM xalqaro moliya markazida o‘z vakolatxonasini ochdi. Ochilish marosimida ADGM bosh direktori Salem Al-Darey va YeOTB boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov ishtirok etdi.
Yangi platforma Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (GCC) investorlariga YeOTBning tahliliy salohiyati, mintaqaviy ekspertizasi va a’zo mamlakatlar hukumatlari bilan hamkorligidan foydalangan holda tayyor investitsiya yechimlarini taklif qiladi. U orqali investorlar Yevroosiyodagi infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Platforma tartibga soluvchi organlar, suveren jamg‘armalar va GCC institutsional investorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yengillashtiradi. Asosiy tashabbuslardan biri — Markaziy Osiyoda infratuzilmani moliyalashtirishga ixtisoslashgan kredit jamg‘armasini ishga tushirish.
YeOTBga ko‘ra, oxirgi besh yilda Markaziy Osiyo va GCC o‘rtasidagi savdo hajmi 4,2 barobar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar esa 1,8 barobar oshgan. Shu bois mintaqa GCC uchun strategik bozorga aylanmoqda.
Platforma orqali sarmoya uchun ustuvor yo‘nalishlar:
Transport va logistika: “Shimol–Janub” yo‘lagini rivojlantirish tranzit oqimlarni 40 foizga oshirishi, Qo‘rfazdan yetkazib berish muddatini ikki baravar qisqartirishi mumkin.
Suv va agrosanoat sektori: Irrigatsiya uskunalari bozori yiliga 426 million dollar, suv ta’minoti 2 milliard dollargacha baholanmoqda.
Qayta tiklanadigan energiya: Masdar kabi GCC kompaniyalari uchun tez o‘sib borayotgan bozor.
Mintaqada islomiy moliya ham jadal rivojlanmoqda. YeOTB, ITB va London fond birjasi prognoziga ko‘ra, 2033-yilga borib islomiy bank aktivlari 6,3 milliard dollarga, sukuk bozori esa 5,6 milliard dollarga yetishi mumkin.
Ma’lumot uchun: Yevroosiyo taraqqiyot banki — Yevroosiyo makonida rivojlanish va investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi ko‘p tomonlama moliya instituti. Shu yil sentabrida O‘zbekiston bankka rasman a’zo bo‘ldi.
O‘zbekiston va YeOII
YeOTB Qozog‘istonda islomiy moliyalashtirishga oid birinchi loyihasini boshladi