TOShKENT, 9 dek – Sputnik. Qozog‘iston yo‘llarida haydovchisiz yuk mashinalari va taksilar 2027-yilda paydo bo‘ladi. Bu haqda Qozog‘iston transport vaziri Nurlan Sauranbayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Kazaxstan.
"Biz yo‘llarni qurayotganimizda, ushbu haydovchisiz avtomobillar Qozog‘iston hududida harakatlanishi uchun infratuzilmaga zarur datchiklar o‘rnatilishini hisobga olamiz", - dedi Qozog‘iston vaziri.
Haydovchisiz yuk mashinalari bo‘yicha dastlabki pilot loyihalarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan. Yangi yuk mashinalari elektr dvigatelli bo‘ladi, 24 soat tinimsiz ishlashi va haydovchisiz yuk tashishi mumkinligi qayd etilgan.
Shuningdek, haydovchisiz taksi va aerotaksilar faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi allaqachon tayyor bo‘lib, kelgusi yili parlamentga kiritilishi rejalashtirilgan. Sauranbayevga ko‘ra, ushbu texnologiyalarni joriy etishda asosiy mezon — yo‘lovchilar xavfsizligi.
Ma’lum qilinishicha, raqamli yechimlar joriy etilishi ham davom etmoqda: Qozog‘iston–Xitoy chegarasida haydovchisiz transport vositalari va yagona elektron deklaratsiyaga ega “Aqlli bojxona” loyihasi amalga oshirilmoqda.