Kambag‘allikdan xoli hudud, aholi bandligini ta’minlash - prezident axborot bilan tanishdi

Kelgusi yilda kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, aholi bandligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda “Yettilik” faoliyati aholi bandligi va daromadlariga bevosita ta’sir qilishi zarurligi ta’kidlanib, manzilli va natijaga yo‘naltirilgan ishlarni kuchaytirish topshirildi. Mahallalardagi muammolar va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, aholi murojaatlarini mahalla darajasida hal qilishga e’tibor kuchaytirish belgilandi.
Og‘ir toifadagi mahallalarda infratuzilma, elektr ta’minoti, internet, tomorqa imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratish ko‘rsatildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda mamlakatda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Mahallalarda ishlarni tashkil qilishga kompleks yondashish, barqaror bandlikdagi xizmatlar qamrovini kengaytirish, daromad manbalarini yaratish, aholini kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Loyihaviy yondashuv doirasida “Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori”, “Teng imkon”, “20 ta mahalliy brend”, “1 ming gektar mevali bog‘”, “Eksportchi kooperativlar” kabi dasturlar orqali 1 million kambag‘al aholini qamrab olish rejalashtirilgan.
Chegara va anklav hududlarda infratuzilmani yaxshilash, tunu-kun faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ko‘chalar, turistik mahallalar, mikrosanoat markazlari va sohil–yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdim qilindi.
Prezident mutasaddilarga ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi
Yangi loyihalar, ishsizlikni kamaytirish: prezident yangi vazifalarni belgilab berdi