TOShKENT, 9 dek – Sputnik. 8 dekabr soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2025-yilda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10 mlrd kVt·soatga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib, respublikada umumiy quvvati 5 582 megavattni tashkil etuvchi quyosh va shamol elektr stansiyalari barqaror ishlab turibdi. Bu ko‘rsatkich rivojlangan mamlakatlar tajribasiga mos ravishda O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish sur’atlari jadallashayotganini anglatadi.
Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish hisobiga:
2,7 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi;
atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 4,4 mln tonna zararli moddalarning oldi olindi.
Joriy yil boshidan 8-dekabr soat 17:00 gacha mamlakatdagi barcha gidroelektr, quyosh va shamol stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 16 mlrd kVt·soatni tashkil etdi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur hajm 6,6 million xonadonning bir yillik elektr iste’moliga teng.
Eslatib o‘tamiz, Milliy statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda jami 10 244 241 ta oilalar mavjud.