TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Termiz tumanida 3 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida yirik ko‘lamda paxta yetishtirish va uni to‘liq sanoat zanjiri bo‘yicha chuqur qayta ishlash loyihasiga start berildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihani Xitoyning Anhui Wende Holding Group kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Huamian Taifeng Termiz” MChJ amalga oshiradi.
Loyiha qiymati 96 million dollar bo‘lib, asosan mahalliy aholini ish bilan ta’minlash orqali 300 ta barqaror ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, yillik eksport hajmini 12 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlanishicha, Anhui Wende Holding Group Markaziy Osiyoda agrar sohada yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.