TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Konstitutsiya kuni munosabati bilan tabrik yo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘z tabrigida u Konstitutsiyaning mamlakat siyosiy-huquqiy hayotidagi o‘rni, odamlar farovonligi va islohotlar samarasini ta’minlashdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Davlat rahbari Konstitutsiyada mustahkamlangan xalq hokimiyatchiligi, vakillik demokratiyasi va qonun ustuvorligi tamoyillari negizida parlament, mahalliy Kengashlar va mahalla instituti faoliyati kengayayotganini qayd etdi. Joriy yilda parlament tomonidan sudlar faoliyati, inson huquqlari, yoshlar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga oid qonunlar qabul qilinganini ta’kidladi.
Prezident Mahalliy Kengashlar tomonidan 25 mingdan ziyod masala ko‘rib chiqilgani, 14 mingga yaqin deputatlik so‘rovi yuborilganini qayd etar ekan, 2026-yil 1-yanvardan tuman va shaharlarda hokim va Kengash raislari vakolatlari ajratilishini bildirdi.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan ishlar amaliy natija bermoqda:
aholi jon boshiga daromad 3 500 dollarga yetdi;
maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foiz, oliy ta’lim qamrovi 42 foizga yetdi;
o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga o‘sdi;
1 milliondan ortiq fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, kambag‘allik darajasi 6,6 foizga tushdi.
Prezident iqtisodiy islohotlarning xalqaro darajada ham e’tirof etilayotganini qayd etdi: O‘zbekiston BRM indeksida 19 pog‘ona ko‘tarildi, Global innovatsiya indeksida Markaziy va Janubiy Osiyoda kuchli uchlikka kirdi, S&P, Fitch va Moody’s suveren kredit reytinglarini oshirdi. Shuningdek, YuNESKO Bosh konferensiyasining 40-yilda ilk bor Parijdan tashqarida — Samarqandda o‘tkazilgani muhim voqea sifatida tilga olindi.
Mirziyoyev yoshlarda huquqiy madaniyatni oshirish, Konstitutsiya mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgatish muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tabrik oxirida davlat rahbari barcha fuqarolarga tinchlik, farovonlik va bardavom omad tiladi.