TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida avtobusdagi 49 yo‘lovchidan 5 nafari vafot etdi, ularning ikki nafari — O‘zbekiston fuqarolari. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 7-dekabr kuni soat 08:57 da Aqtobe viloyati Aytekebi tumanidagi respublika ahamiyatiga ega yo‘lda “Perm–Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan “Yutong” rusumli yo‘lovchi avtobusi yon tomonga ariqqa ag‘darilib, yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.
FVVning qayd etishicha, mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, baxtsiz hodisa qurbonlarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hozirda FVV mas’ul xodimlari qozog‘istonlik hamkasblari bilan baxtsiz hodisani kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda.