Eronda avtomobil firibgarligi ishi bo‘yicha kompaniya direktori qatl qilindi

Eronda avtomobil savdosi bo‘yicha yirik firibgarlik ishi doirasida kompaniyaning ijrochi direktori qatl etildi, ish yuzasidan minglab shikoyatlar qayd etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Eron Oliy sudi avtomobil oldi-sotdisi sohasidagi yirik firibgarlik ishi bo‘yicha kompaniya ijrochi direktorining o‘lim jazosini ijro etdi. Bu haqda "Mizan" agentligi ma’lumotiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.
"Bugun ertalab Qazvinda Oliy sudning yakuniy qaroridan so‘ng "Rezayat Khodro Taravat Novin" kompaniyasi ishi bo‘yicha birinchi ayblanuvchi Muhammad Rizo G‘afforiyga nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi", — deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Rezayat Khodro Taravat Novin" kompaniyasi 2013-yilda Qazvin viloyatining Takiston shahrida tashkil etilgan. Kompaniyaning noqonuniy faoliyati bo‘yicha jinoyat ishi olti yildan so‘ng ochilgan.
Jami 26 nafar jismoniy va 2 nafar yuridik shaxs ayblanuvchi sifatida ish doirasiga jalb etilgan. Kompaniya faoliyati bo‘yicha 28 mingdan ortiq fuqarolik shikoyatlari kelib tushgani ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, kompaniya vakillarining firibgarlik amaliyotlari fuqarolarga katta moliyaviy va ma’naviy zarar yetkazgan. Sud jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni ayblanuvchilardan musodara qilingan mol-mulk hisobidan qoplashni belgilagan.
Shu bilan birga, qolgan ayblanuvchilar uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan, yuridik shaxslar esa tugatilishi ma’lum qilingan.
Onlayn-kredit firibgarlari qurbonlaridan qarzni undirish bekor qilinadi