TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Kengashi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar takliflarini ko‘rib chiqib, oziq-ovqat va kosmetika mahsulotlari uchun yagona raqamli markirovka qoidalarini tasdiqladi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq, endilikda har bir a’zo mamlakat markirovkani qachon va qanday tartibda joriy etishini mustaqil belgilaydi. Davlatlar bu haqda YeIKni kamida olti oy oldin xabardor qiladi. Yagona qoidalar tovar aylanmasida shaffoflikni oshiradi, shuningdek davlatlar bir-birining identifikatsiya vositalarini o‘zaro tan oladi.
YeIK savdo vaziri Andrey Slepnev ta’kidlaganidek, qabul qilingan qarorlar ichki bozorda to‘siqlarni kamaytirishga va tovarlarning erkin harakatlanishiga xizmat qiladi.
Mex mahsulotlari bo‘yicha ham alohida tartib belgilandi. 2026-yil 28-fevralga qadar mex buyumlarini RFID-metkalar bilan belgilashga ruxsat beriladi, undan keyin esa Data Matrix texnologiyasiga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, aylanmadagi eski mahsulotlar 2027-yil 1-martgacha sotilishi mumkin bo‘ladi.