TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Toshkentda 2030-yilgacha elektrobuslar ulushi 50 foizga yetkaziladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev imzolagan yangi qarorda aytib o‘tilgan, deb xabar qilmoqda prezident matbuot kotibi.
“2030 yilgacha jamoat transportidan foydalanish ulushini 60 foizga, elektrobuslar ulushini 50 foizga, avtobuslarning o‘rtacha harakat tezligini 18 km soatdan 24 km soatga yetkazish belgilab olindi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, poytaytda 16 ta tonnel va yo‘l o‘tkazgich, 700 ta "aqlli" chorraha barpo etish, 170 km velosiped va 200 km piyoda yo‘laklari qurish rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq poytaxtda yo‘l harakatini boshqarishning mutlaqo yangi modeli joriy etiladi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tashkil etilib, u transport, piyoda va yo‘lovchi oqimlarini real vaqtda monitoring qilish, boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash vakolatiga ega bo‘ladi.
Undan tashqari yo‘l va transport infratuzilmasi uchun maxsus jamg‘arma tashkil etilib, u yerga jarimalar, "Xavfsiz shahar" tushumlari, reklama tushumlarining bir qismi yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar ITT, muhandislik yechimlari, infratuzilmaviy loyihalar, avtobus yo‘laklari va svetoforlarni modernizatsiya qilishga sarflanadi.