Mirziyoyev BAA, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘iziston bilan energetika muzokaralari o‘tkazdi

Prezident BAA, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘iziston delegatsiyalari bilan uchrashib, energetikadagi qo‘shma loyihalar, investitsiyalar va strategik hamkorlikni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev qator mamlakatlarning energetika vazirlari va delegatsiyalari bilan uchrashib, O‘zbekistonning energetika strategiyasi, qo‘shma loyihalar va investitsiya hamkorligini muhokama qildi.
Davlat rahbari BAA energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda “Masdar”, “Etihad Water & Electricity” va “TAQA Water Solutions” rahbarlari ham ishtirok etdi. Tomonlar energetika, logistika va sanoatdagi qo‘shma loyihalarni ko‘rib chiqdi. “Masdar” bilan 1,5 mlrd dollarlik 6 loyiha amalga oshirilgani, Buxoroda SES va ESS ishga tushirilgani, Qashqadaryoda esa 600 mln dollarlik qo‘shimcha inshootlar qurilayotgani qayd etildi. BAA kompaniyalari shamol, quyosh va gidroenergetika bo‘yicha yangi rejalarni taqdim etdi.
Turkiya energetika vaziri Alparslon Bayroqdor va “Aksa”, “Cengiz Energy” rahbarlari bilan uchrashuvda strategik sheriklikning rivoji ta’kidlandi. Turkiya kompaniyalari bilan umumiy quvvati 1,8 GVt bo‘lgan stansiyalar muvaffaqiyatli qurilgani aytildi. Texnik uskunalarni mahalliylashtirish, tarmoq boshqaruvini takomillashtirish, konchilik va kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi loyihalar muhokama qilindi.
Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbozov bilan muloqotda strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo o‘sishi, energetikadagi samarali hamkorlik qayd etildi. Neft-gaz, geologiya, kimyo sanoati va “yashil” energiyada qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev bilan uchrashuvda do‘stlik va strategik hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda tovar ayirboshlash 17 foizga oshgani qayd etildi. Elektr energiyasi yetkazib berish va tranzitda o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Suv energetikasida, xususan “Qambar-ota GES-1” bo‘yicha qo‘shma loyiha ustuvor ekani alohida ta’kidlandi.
Prezident 42 energetika obyektni ishga tushirdi va 21 loyihaga start berdi