TOShKENT, 4 dek – Sputnik. Ukraina kelasi yili mudofaa sektoriga 66 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirmoqchi, bu esa barcha davlat xarajatlarining deyarli 60 foizini tashkil etadi. Bu haqda Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 2025-yil budjeti mamlakat hayotini rejalashtirish, xalqaro moliyalashtirishni ta’minlash va Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2026–2029 yillarga mo‘ljallangan yangi dasturi bo‘yicha yordam olish uchun muhim asos bo‘ladi.
“Mudofaa va xavfsizlik – mutlaq ustuvor yo‘nalish. Davlat o‘z daromadlarining 100 foizini Mudofaa kuchlariga yo‘naltiradi: harbiylarni moddiy ta’minlash, ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash, havo hujumidan mudofaani kuchaytirish, Ukraina qurollarini, jumladan, dronlarni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga sarflaymiz. Kelgusi yilda armiya uchun 2,8 trillion grivna ajratamiz — bu umumiy xarajatlarning qariyb 60 foizi”, — deb yozgan Sviridenko.
Rejaga ko‘ra, kelasi yil davlat budjeti daromadlari 2,92 trillion grivna (69,1 milliard dollar), xarajatlari esa 4,83 trillion grivna (114,3 milliard dollar) etib belgilangan.
Ukrainaning mudofaa xarajatlari ta’lim yoki tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘lardan o‘n barobar ko‘p.
So‘nggi yillarda Kiyev rekord darajadagi taqchil budjet qabul qilmoqda va uning katta qismi G‘arb yordami hisobiga qoplanadi. 2024-yilda budjet defitsiti 43,9 milliard dollarga yetgan. 2025-yil uchun tasdiqlangan budjet esa 37,3 milliard dollarlik taqchillikni nazarda tutadi va yil davomida harbiy xarajatlar ikki marta oshirilgan.