O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Saudiyaga ishga joylashtiriladi — kelishuv imzolandi

O‘zbekiston Saudiya Arabistonining HRCO kompaniyasi bilan o‘rta tibbiyot xodimlarini qonuniy va xavfsiz tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi, nomzodlar uchun suhbatlar boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. Saudiya Arabistonida o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ushbu mamlakatga qonuniy, xavfsiz va shaffof tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha Saudiya kompaniyasi bilan kelishuv imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kelishuv Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistonining "Health Resources Company" (HRCO) kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan.

Shuningdek, agentlik e’lonlariga ko‘ra, Saudiyada ishlash istagini bildirgan 887 nafar nomzodlar orasidan suhbatga tayyor deb baholanganlar uchun ish beruvchi ishtirokidagi tanlovlar boshlangan. Bunday suhbatlar joriy yil 3-4 dekabr kunlari Andijon shahrida ham o‘tkazilishi qayd etilgan.

HRCO (Health Resources Company) kompaniyasi inson resurslari (HR) operatori sifatida Saudiya Arabistonidagi barcha davlat tibbiyot muassasalari uchun yagona kadrlar siyosatini ishlab chiqish va uni boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Yagona darcha, kasbga tayyorlash, firibgarlarga jinoiy javobgarlik: migratsiyada o‘zgarishlar