TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashining federativ tuzilma, mintaqaviy siyosat, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va Shimol ishlari qo‘mitasi raisi Andrey Shevchenko bilan uchrashdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi. Mintaqalararo aloqalarning faollashuvi ikki tomonlama munosabatlarni amaliy mazmun bilan boyitayotgani qayd etildi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlik tobora rivojlanib borayotgani, jumladan 2024-yilda Moskvada o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar va turizm sohasidagi ijobiy dinamika buni tasdiqlashi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni, shuningdek parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.