Londonda “Taymetov: g‘alaba jarchisi” filmi SIFFA mukofotiga sazovor bo‘ldi

Filmda birinchi o‘zbek uchuvchisi, Reyxstag ustiga ko‘tarilgan Qizil bayroq, Germaniyaning kapitulyatsiya akti, Uchinchi Reyx bayroqlarini Berlindan Moskvaga olib kelgan Taymetov haqida hikoya qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Londonda o‘tkazilgan kinofestivalda o‘zbekistonlik rejissor Eldor Yo‘ldashevning “Taymetov: g‘alaba jarchisi” (“Taymetov: The Forgotten Hero”) hujjatli filmi “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Toshkent aeroporti tarixi haqidagi arxiv tadqiqotlar asosida yaratilgan mazkur film Londondagi “Independent International Film Festival & Awards – SIFFA UK” doirasida “Piccadilly Vue Cinema” kinoteatrida namoyish qilindi. SIFFA — kino, san’at va adabiyot orqali madaniy muloqot hamda global tushunishni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro mustaqil kinofestival va mukofotlar platformasi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdusamat Taymetov Ikkinchi jahon urushi yillarida yuzdan ortiq jangovar parvozni amalga oshirgan. U front chizig‘ini kesib o‘tib, dushman orqasidagi partizanlarga oziq-ovqat va qurol-yarog‘ yetkazib bergan, razvedkachilarni manzilga yetkazgan.
Film premyerasi shu yil may oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan “Madaniyatlar muloqoti” media-forumida namoyish etilgan edi.
Qisqa vaqt ichida ushbu hujjatli film bir qator mukofotlarga sazovor bo‘ldi: “Oltin Ritsar” xalqaro kinoforumida “Eng yaxshi debut”, “Yevroosiyo-Kinofest” festivalida matbuot mukofoti, shuningdek, “Madaniyatlar muloqoti” media-forumida maxsus diplom bilan taqdirlangan.
Moskvada “Taymetov. G‘alaba jarchisi” filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi