Tadbirkorlar uchun “yagona darcha”: Prezident taqdimot bilan tanishdi

Savdo-sanoat palatasi huzurida ochilishi rejalashtirilgan “Biznes hamroh” markazlarda barcha xizmatlar “yagona darcha” tamoyili asosida yagona elektron platforma orqali ko‘rsatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Hozirda 81 ta davlat idorasi tadbirkorlarga 739 turdagi xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq 576 ta xizmat tarqoq holda taqdim etilgani sababli tadbirkorlar hujjat yig‘ish jarayonida ko‘plab idoralarga qatnab sarson bo‘layotgani qayd etildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 ta bosqichdan o‘tish va 10 ta idoraga murojaat qilish kerak.
Shuningdek, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash sohasida kompleks konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emasligi aytildi. Bu xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja va brokerlar, logistika operatorlari va biznes ta’lim dasturlari bilan integratsiya qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan “Biznes hamroh” markazlarini ochish taklif qilindi.
Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan koll-markaz ham tashkil etiladi.
Prezident taklifni ma’qullab, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
O‘zbekistonda biznesni boshlash soddalashtirildi — prezident farmoni