TOShKENT, 28 noya – Sputnik.O‘zbekiston Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi va Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi o‘rtasida 2026-yilga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Hujjatni Moskvada agentliklar rahbarlari Bahodir Rahmatov va Svetlana Chupsheva imzolashdi. Ta’kidlanishicha, reja o‘zaro manfaatli aloqalarni davom ettirish va kengaytirishni nazarda tutadi.
Jumladan, reja 7 ta muhim yo‘nalishni qamrab olgan:
tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash, “Biznikilarni bil” tanlovining ikkinchi bosqichini o‘tkazish;
kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish;
shaharlar boshqaruvini raqamlashtirish;
texnologik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma modelni shakllantirish;
ekologik farovonlik va iqlim barqarorligini ta’minlash;
daraxtzor va ko‘kalamzorlar tizimini barpo etish;
biznesning ijtimoiy kapitali standartini ishlab chiqish.
Qayd etitishicha, mazkur loyiha va dasturlar samarali tajribalarni tatbiq etib, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, atrof-muhit va ijtimoiy sohalarni yaxshilashga xizmat qiladi.