TOShKENT, 26 noya – Sputnik. Goa (Hindiston)dagi FIDE Jahon kubogi 2025 finalida Javohir Sindarov xitoylik Vey Iga qarshi bellashuvda g‘alaba qozondi va musobaqa chempioniga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
G‘alabadan so‘ng Sindarov 120 ming dollar miqdoridagi chempionlik mukofotini qo‘lga kiritdi.
E’tiborli jihati — Javohir Sindarov 2026-yilgi Nomzodlar turniriga rasmiy yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Yarim finalda Sindarov yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster — Nodirbek Yakubboyevni mag‘lub etgan edi. Yakubboyev uchinchi o‘rin uchun bellashuvda rossiyalik Andrey Yesipenkoga imkoniyatni boy berib, to‘rtinchi o‘rinni egalladi va 50 ming dollar mukofot pulini oldi.
Jahon kubogida jami 89 ta mamlakatdan 206 nafar top-shaxmatchilar ishtirok etdi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 2 million dollarni tashkil etdi.