TOShKENT, 25 noya – Sputnik. Joriy yilda kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani munosabati bilan 2025-yil 28-noyabr kuni juma namozidan keyin O‘zbekistonning barcha masjidlarida yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi.
Ushbu amal O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
"Shu kuni viloyat, tuman va shaharlardagi markaziy masjidlar hamda ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, ularning go‘shti yordamga muhtoj oilalar, yetim-yesirlar, beva-bechoralar, miskinlar va boquvchisini yo‘qotgan keksalarga tarqatiladi", - deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.
Idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari 28-noyabr jumaga qadar Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asari bo‘yicha xatmi kutub amalini ado etadi.
Shuningdek, Makka va Madinad umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalarga Harami shariflarda o‘z guruhlari bilan istisqo namozini o‘qish tavsiya etildi.