TOShKENT, 24 noya – Sputnik. O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN)ning Janubi–Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shilish bo‘yicha arizasi ma’qullandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonning mazkur shartnomaga qo‘shilish arizasi Kuala-Lumpurda Malayziya raisligida bo‘lib o‘tgan ASEAN Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida tashkilotga a’zo barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
O‘zbekistonning shartnomaga qo‘shilishi mamlakat uchun mintaqada yangi imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, davlatlararo G2G (davlatlararo) hamkorlik, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar faollashishi, yirik xorijiy korxonalarning O‘zbekistonga ishonchi ortishi kutilmoqda.
Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasi 1976-yil 24-fevralda imzolangan bo‘lib, ASEAN mintaqasidagi o‘zaro hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi muhim hujjat sifatida e’tirof etilgan.
ASEAN mintaqasi Janubi-Sharqiy Osiyoning 11 ta davlatini o‘z ichiga oladi va 700 mln nafarga yaqin aholiga ega bo‘lgan yirik bozor hisoblanadi.