TOShKENT, 23 noya – Sputnik. Xitoy o‘n beshinchi besh yillik davrida (2026–2030 yillar) Markaziy Osiyo davlatlari bilan yanada samarali va mazmunli hamkorlikni amalga oshiradi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I ma’lum qildi.
"Keyingi yil — o‘n beshinchi besh yillikning birinchisi. Xitoy ushbu qulay imkoniyatdan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, uning mazmunini boyitish, sifat va samaradorlikni oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun foydalanadi", — deya Van I so‘zlarini keltiradi Xitoy TIV sayti.
Vazirning ta’kidlashicha, Pekin Markaziy Osiyo davlatlari bilan modernizatsiya yo‘lidan birgalikda borish, "yuqori sifatli hamkorlikni ilgari surishda yangi ufqlarni ochish" hamda "yagona taqdirli hamjamiyat"ni shakllantirish niyatida.
Van Ining aytishicha, bu galgi tashrif unga Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston siyosiy barqarorlikni saqlab, jadal iqtisodiy rivojlanish va sanoatlashtirishning yangi bosqichiga izchil qadam qo‘yayotgani haqida aniq tasavvur berdi.
Uning qayd etishicha, Xitoy do‘stona qo‘shni sifatida bu jarayondan katta ruhlanishni his etmoqda.