TOShKENT, 23 noya – Sputnik. 2026 yil sug‘orish davri uchun qishki elektr energiyasi yetkazib berish va suv to‘plash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida uch tomonlama bayonnoma imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat Olmaota shahrida uch davlatning energetika va suv xo‘jaligi vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda imzolandi.
Tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish parametrlari bo‘yicha kelishib oldilar. Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi. Bu Qirg‘izistonga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini qisqartirish va To‘qtag‘ul suv omborida suv to‘plash imkonini beradi.
Jamg‘arilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, mintaqada energiya iste’molini kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomoni tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi.