TOShKENT, 22 noya – Sputnik. O‘zbekiston Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri mezbonlik qilgan VI Islom birdamligi o‘yinlarining so‘nggi bellashuv kunida o‘zbekistonlik sportchilar 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 96 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni egallashdi. Bu haqda mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Kumush medal:
Qudratoy Toshpo‘latova — para pauerlifting, og‘ir vazn toifasi.
Bronza medallar:
Sarvarbek Rahmonberdiyev — jiu-jitsu, -62 kg;
Bekzod Jamilov — para pauerlifting, og‘ir vazn toifasi.
Umumiy hisobda O‘zbekiston sportchilari 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza, jami 96 medal qo‘lga kiritib, 57 ta mamlakat orasida Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.
7−21 noyabr kunlari tashkil etilgan musobaqada Turkiya birinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Eronga nasib etdi.
O‘yinlarning yopilish marosimida Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi bayrog‘i navbatdagi musobaqani qabul qiladigan Malayziyaga topshirildi.