TOShKENT, 22 noya — Sputnik. “O‘zgidromet” Toshkent shahri havosining ifloslanishi bir vaqtning o‘zida kuchaygan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
Aytilishicha, birinchi omil — keskin harorat almashishi va inversiya. Joriy haftada havo harorati tez o‘zgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi.
Shu bois mayda zarrachalar past havo qatlamida to‘planib, qisqa vaqtda konsentratsiya keskin oshadi. Bu jarayon Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabr–fevralda kuzatiladi.
Ikkinchi omil — yog‘ingarchilikning yo‘qligi. Sinoptiklar ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik hajmi esa iqlimiy meyordan ancha past bo‘ldi. Yog‘ingarchilik yo‘qligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy yuvilishini to‘xtatadi va ularning uzoq vaqt atmosferada saqlanib turishiga olib keladi.
Uchinchi omil — arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. O‘zbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarimquruq iqlim hududida joylashgan. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kechayotgan makonlardan biri sifatida qayd etgan. Arid jarayonlar, o‘simlik qoplamining kamayishi va iqlim isishining ta’siri ostida shamol ta’siridagi tabiiy changlanish oshadi. Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan ko‘proq namoyon bo‘ldi, hatto shamol past bo‘lgan kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichining o‘sishiga turtki berdi.
Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, amalga oshgan inversiya jarayoni 24-noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy holdir.
Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati o‘z-o‘zidan sezilarli yaxshilanadi. Hozir mahalliy hokimiyatlar, kommunal xizmatlar va mas’ul idoralar quyidagi amaliy ishlarni olib bormoqda:
ko‘cha va yo‘llarni namlash;
yashil hududlarni qo‘shimcha sug‘orish;
jamoat joylarini nam tozalash;
aholi uchun tavsiyalarni yetkazish;
atmosfera havosini doimiy monitoring qilish.
Ta’kidlanishicha, kuzatilayotgan holat tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon. Bunda barcha vakolatli davlat organlari tegishliligi bo‘yicha vaziyatni doimiy ravishda nazorat qilmoqdalar, zarurat tug‘ilganda esa aniq tashkiliy choralarni amalga oshirmoqda.
Aholiga ko‘chada vaqtini cheklash va tashqarida bo‘lganda niqob kiyish, xona ichidagi havoni namlash (masalan, deraza oldiga nam sochiq osib qo‘yish) va havo tozalagichlardan foydalanish tavsiya etiladi. Agar yo‘tal, nafas qisilishi, burun tiqilishi, ko‘z qichishi va boshqa alomatlar paydo bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashish lozim.