20 noyabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, yosh va iste’dodli rassom Ulug‘bek Rajabovning “Uchar tuya rivoyati” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi tantanali tarzda ochildi.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamda Toshkent Fotosuratlar uyi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Ko‘rgazmada rassomning 30 taga yaqin rangtasvir asarlari namoyish etiladi. Rajabov bugungi kunda respublika miqyosidagi yirik ko‘rgazmalar ishtirokchisi sifatida san’at ixlosmandlariga yaxshi tanish. Uning asarlari yorqin ranglari, shakllarning plastika va ifodaviy jihatdan o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Rassom o‘zining ranglar bilan ishlashdagi ichki sezgirligi va tajribasi orqali har bir asariga o‘zgacha ruh bag‘ishlaydi. Ba’zan bu tuyg‘u ona shahri Samarqandning ko‘hna sayqalidan ilhom oladi, ba’zan esa ijodkorning ichki musiqasi bilan uyg‘unlashadi. “Soyadagi qizlar”, “Bahor”, “Oqshom”, “Kuzgi kayfiyat” kabi asarlar shular jumlasidan.
Ko‘rgazmaning asosiy qismini tashkil etuvchi yirik hajmdagi konseptual asarlar esa tomoshabinni nafaqat o‘zining ko‘lami, balki mavzu talqini bilan ham hayratga soladi. Ularda rassom qadimiy So‘g‘d madaniyatiga nafis, ehtiyotkorona va shu bilan birga zamonaviy yondashuv orqali murojaat qiladi.
Mahobatli shakllar, qadimiy ruhni aks ettiruvchi ranglar kompozitsiyalarga chuqur mazmun, tarixiy jarang va badiiy ulug‘vorlik bag‘ishlaydi. “Buyuk tamaddunlar”, “So‘g‘d go‘zallari”, “To‘y”, “Uchar tuyalar”, “Afrosiyob ishqi” — Rajabov ijodidagi ramziy va ma’nodagi eng yorqin namunalardan hisoblanadi.
“Rang – bu mening hikoya tilim. Ba’zan birgina ohang butun rivoyatni aytib berishi mumkin”, — deydi Ulug‘bek Rajabov.
Ijodkor haqida qisqacha
Ulug‘bek Rajabov 1981-yilda Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini tamomlagan, so‘ng K. Behzod nomidagi MRDIda bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim olgan.
2009 yildan boshlab O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. 2011–2021 yillarda turli ijodiy ta’lim muassasalarida dars bergan. Rassomning asarlari xalqaro va respublika ko‘rgazmalarida namoyish etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning turli davlat muzeylari va shaxsiy galereyalarida saqlanadi.