TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Hindistonda o‘tkazilayotgan “FIDE Jahon kubogi 2025” musobaqasida o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov tay-breykda Xose Martinesni mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi. Bu haqda FIDE matbuot xizmati xabar berdi.
Yarim finalda u yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster — Nodirbek Yakubboyevga qarshi o‘ynaydi va g‘olib finalga yo‘l oladi.
“Sindarov og‘ir bellashuvdan so‘ng intervyu berib, oradan 20-yil o‘tib, O‘zbekiston yana FIDEning da’vogarlar turnirida ishtirok etayotganini faxr bilan ta’kidladi. U yarim finalda jamoadoshi Nodirbek Yakubboyev bilan to‘qnash kelishi bois g‘olib shaxmatchi finalga yo‘l oladi va kuchli ikkilikka kirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu o‘zbek shaxmati uchun muhim voqea”, — deyiladi xabarda.
Jahon kubogida 89 ta mamlakatdan 206 nafar kuchli shaxmatchi ishtirok etmoqda. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 2 mln dollarni tashkil etadi.