Buxoroda 35 ming dollarga simob sotmoqchi bo‘lgan ikki shaxs qo‘lga olindi

Ular 3 dona flakondagi simobni sotish jarayonida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Sputnik
TOShKENT, 20 noya – Sputnik. Buxoro viloyatida O‘zbekistonda erkin sotilishi taqiqlangan 343 gramm simob moddasini 35 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiya hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan shaxs va Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi 1984-yilda tug‘ilgan shaxs 3 dona flakondagi simobni sotish jarayonida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 185-1-moddasi bandlari (Rangli metallar, ularning parcha va rezgi chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyatida 300 ming dollar evaziga yer ajratishni va’da qilgan fermer ushlandi