TOShKENT, 19 noya – Sputnik. Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yigirma to‘rtinchi majlisi yakunida ishtirokchi mamlakatlar qo‘shma kommunike qabul qildilar.
Quyida hujjatdan asosiy bayonotlar keltiriladi:
— ShHT doirasidagi o‘zaro hamkorlik Yevroosiyoda teng va bo‘linmas xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
— A’zo davlatlar xalqaro va mintaqaviy rivojlanish muammolarini hal etishda blokli va qarama-qarshi yondashuvlarni istisno etuvchi yo‘nalishga amal qiladi.
— A’zo davlatlar BMT boshqaruv organlarida rivojlanayotgan mamlakatlar ulushini oshirish, shu orqali tashkilotni zamonaviy siyosiy va iqtisodiy voqelikka moslashtirish zarurligini ta’kidladilar.
— A’zo davlatlar shaffof, inklyuziv, teng huquqli ko‘p tomonlama savdo tizimini himoya qilish, global moliyaviy boshqaruvni takomillashtirish va rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro moliya institutlaridagi rolini kuchaytirish tarafdori.
— Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilishda kosmik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kosmik sohada mintaqaviy muloqot mexanizmlarini o‘rganish taklif etildi.
— JST markaziy roli ostida global iqtisodiy boshqaruv arxitekturasini va ko‘p tomonlama savdo tizimini takomillashtirishga sodiqlik tasdiqlandi.
— A’zo davlatlar transport salohiyati va fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, ShHT makonida transport-logistika va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishga kelishib oldilar.
— Delegatsiyalar rahbarlari atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatladilar.
— A’zo davlatlar mintaqada bozorlar, ta’minot zanjirlari, to‘lov operatsiyalari, transport yo‘laklari, logistika, investitsiyalar va texnologiyalar oqimlarining samarali ishlashini ta’minlaydigan keng ochiq iqtisodiy makonni shakllantirishga hissa qo‘shadi.
— ShHTga a’zo davlatlar texnologik mustaqillikni ta’minlash, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish tarafdori.
— Investitsiya sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Bu borada Investitsiyalarga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh, Investorlar uyushmasi va iqtisodiy preferensiyalar bazasi doirasidagi faoliyatni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.