Ekopolitsiya xodimlariga kuch ishlatish huquqi beriladi

Xodimlarga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 19 noya – Sputnik. O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi Milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya — tashkil etiladi. Tegishli farmonni prezidenti imzolandi.
Ekopolitsiya ekologik xavfsizlikni ta’minlash va sohaga oid huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir ayrim huquqni muhofaza qilish vazifalarini amalga oshiradi.
Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi.
Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra:
moliyaviy sanksiyalar — pul undirish (jarima) tarzida — faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi;
bir xil huquqbuzarlik uchun yuridik shaxsga moliyaviy sanksiya qo‘llanganda, uning xodimlariga ma’muriy jazo chorasi belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi;
takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish haqidagi ogohlantirishni olish yoki jarimani to‘lash huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarori, taqdimnomasi yoki ko‘rsatmasini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Ekologiya sohasida tub islohotlar: Milliy qo‘mita, Ekopolitsiya va 1,5 trln so‘mlik jamg‘arma