TOShKENT, 18 noya – Sputnik. Raqobat qo‘mitasi o‘tkaziyotgan o‘rganish natijasida mobil aloqa operatorlari tomonidan muvofiqlashtirilgan (til biriktirilgan) harakatlar alomatlari aniqlansa, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, mobil aloqa operatorlari ko‘rsatayotgan xizmatlar uchun narxlarni oshirish holati bo‘yicha o‘rganishlar boshlangan.
Qo‘mita joriy yil noyabr oyi boshida operatorlarga narxlar oshirilishi asosliligini o‘rganish maqsadida tegishli tartibda rasmiy so‘rovlar yuborgan.
O‘rganish natijasida raqobatga zid harakatlar tasdiqlansa, amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.