TOShKENT, 18 noya – Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Moskvada bo‘lib o‘tayotgan ShHT Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida O‘zbekiston ShHTning yagona transport makoni konsepsiyasini ishlab chiqish tarafdori ekanini ta’kidladi.
"O‘zbekiston yuklarni tezkor o‘tkazish va 'Bir makon, bir yo‘l' tashabbusi bilan bog‘lash uchun yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platforma va 'yashil yo‘lak'larni yaratishni nazarda tutuvchi ShHTning yagona transport makoni konsepsiyasini ishlab chiqish tarafdori", — dedi Aripov.
O‘zbekiston bosh vaziri nutqida qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi:
O‘zbekistonda ShHTning birinchi Investitsiya forumni o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
"Kelgusi yilda O‘zbekistonda ShHTning birinchi invest forumini o‘tkazishga tayyormiz. U doimiy biznes muloqoti uchun samarali maydonga aylanadi", — dedi Aripov.
Elektron savdo maydonchalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish va innovatsiyalarni joriy etishda savdo to‘siqlarini kamaytirish va standartlarni yaqinlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
ShHT makonida innovatsion-texnologik xablar tarmoqlarini yaratish — ilg‘or yechimlar ishlab chiqish va texnologiyalarni samarali transfer qilinishini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya, ekologik xavflarni bashorat qilish uchun sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish taklif etildi.
"2026 yilgi iqlim kun tartibining shu va boshqa masalalarini O‘zbekistonda ShHTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida muhokama qilishni taklif etamiz", — deb qo‘shimcha qildi Aripov.
Shuningdek, O‘zbekiston ShHT doirasida Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha madaniy muloqotni ta’sis etish tashabbusini ham bildirdi.