Allied Biofuels va Praj Xorazmda Markaziy Osiyodagi eng yirik etanol zavodini barpo etadi

Loyiha O‘zbekistonning iqlim strategiyasiga mos bo‘lib, aviatsiyada qazilma yoqilg‘ilardan foydalanishni kamaytirish hamda issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga xizmat qiladi
Sputnik
TOShKENT, 17 noya – Sputnik. Allied Biofuels FE LLC va Praj Industries Ltd kompaniyalari Xorazm viloyatida Markaziy Osiyodagi eng yirik etanol zavodini barpo etish bo‘yicha Anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Allied Biofuels FE LLC matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida Praj kompaniyasi sutkasiga 890 tonna, yiliga 293 700 tonna 95 foizli etanol ishlab chiqara oladigan texnologiyani o‘rnatadi.
Allied Biofuels ushbu etanoldan foydalanib, yiliga 160 400 tonna barqaror aviayoqilg‘i (SAF) va 5 040 tonna “yashil” dizel ishlab chiqaradi. Qo‘shimcha ravishda, biogen gaz va “yashil” vodoroddan foydalangan holda yiliga 257 000 tonna elektro-sintetik aviayoqilg‘i ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi integratsiyalashgan SAF va “yashil” dizel ishlab chiqarish majmuasiga asos soladi.
Etanol ishlab chiqarishda asosiy xomashyo sifatida sorg‘um (sorgo) o‘simligidan foydalaniladi. U ishlab chiqarilgan aviayoqilg‘i va yangilanadigan dizel uchun asosiy resurs vazifasini bajaradi.
Loyiha amalga oshirilishi yuzlab ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun:
• Praj Industries — Hindistonning global injiniring va texnologiya kompaniyasi.
• Allied Biofuels FE LLC — bioyoqilg‘i va “yashil” energiya loyihalariga ixtisoslashgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya.
Mirziyoyev va Toqayev yangi loyihalarni ishga tushirdi