TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlarining 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasi ma’qullandi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi o‘rta muddatli istiqbolda a’zo mamlakatlar yalpi ichki mahsuloti o‘sishini jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlaridan past bo‘lmagan darajaga olib chiqish uchun zarur sharoit yaratishi kutilmoqda.
Loyihada quyidagi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilgan:
qulay makroiqtisodiy muhitni shakllantirish, investitsiyalarning o‘sishi uchun shart-sharoitlar yaratish, narxlar barqarorligini ta’minlash, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanish ulushini ko‘paytirish;
iqtisodiyotning real sektorida hamkorlikni mustahkamlash, Ittifoqning texnologik va innovatsion salohiyatini kengaytirish, agrosanoat majmuidagi loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy ko‘mak mexanizmlarini rivojlantirish, shuningdek transport infratuzilmasi va tranzit salohiyatini kuchaytirish;
Ittifoq ichki bozorining barqaror ishlashini ta’minlash, texnik to‘siqlarni kamaytirish va YeOII davlatlarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish.