MO rahbarlari uchrashuvi: Mirziyoyev mintaqaga doir takliflar bilan chiqdi – tafsilotlar

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari uchrashuvida integratsiya, iqtisodiyot, transport, xavfsizlik, suv va gumanitar hamkorlik bo‘yicha muhim tashabbuslar bilan chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqani yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
1. Mintaqaviy integratsiya.
Qisqa vaqtda Markaziy Osiyo maslahat formati chinakam hamkorlik bosqichiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
2. Institutsional asoslar.
Uchrashuvlarni “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik platformasiga aylantirish, Kotibiyat va Oqsoqollar kengashini tuzish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini oshirish taklif etildi.
3. Iqtisodiyot va investitsiyalar.
Mintaqa davlatlari o‘zaro savdo hajmini 1,5–2 baravar oshirish imkoniyatiga ega.
Prezident:
2035-yilgacha mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy dasturini qabul qilish;
Yagona investitsiya makoni bo‘yicha Deklaratsiya ishlab chiqish;
elektron tijoratni birgalikda rivojlantirishni taklif etdi.
4. Infratuzilma va transport.
“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li, Transafg‘on va Transkaspiy yo‘nalishlari kabi yirik loyihalarda hamkorlikda harakat qilish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Kengashni tuzish taklif qilindi.
5. Xavfsizlik va Afg‘oniston.
Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar katalogi taqdim etildi. Afg‘onistonni energetika va transport loyihalariga integratsiya qilish muhimligi aytildi. “Farg‘ona tinchlik forumi”ni muntazam xalqaro anjumanga aylantirish taklif etildi.
6. Iqlim va suv.
O‘zbekiston 2026–2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi” deb e’lon qilishni, shuningdek, suv xo‘jaligi bo‘yicha mintaqaviy kompetensiyalar markazini tuzishni taklif qildi.
7. Gumanitar hamkorlik.
Ilmiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish qo‘llab-quvvatlandi.
Prezident:
ma’naviy meros va ma’rifatparvarlikka bag‘ishlangan xalqaro kongressni har yili o‘tkazish;
Mintaqaviy ilmiy-tadqiqot jamg‘armasini tuzish;
Markaziy Osiyo mutafakkirlari merosi bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini ilgari surishni taklif etdi.
Prezident nutqini quyidagi fikr bilan yakunladi: "Bizning kuchimiz — birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz — do‘stlik va hamkorlikda".
O‘zbekiston Turkmanistonni yangi — “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” formatidagi uchrashuvda raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi. Davlatlar Ozarbayjonning ushbu formatga to‘laqonli qo‘shilishini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar. Prezident ushbu qadam hamkorlikning yangi bosqichini boshlab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yagona hamkorlik makonini shakllantirishini ta’kidladi.
Mirziyoyev Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi