TOShKENT, 14 noya – Sputnik. 15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston rezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etadi.
Qayd etilishicha, tadbir kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.
Maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017-yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi davrida hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi 20 tadan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.