TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkentda “Transport va logistika - TransLogistica Uzbekistan 2025” nomli 21-Xalqaro ko‘rgazma yakuniga yetdi. Tadbir 11-noyabrdan 13-noyabrgacha “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Bu O‘zbekiston transport tarmog‘ining asosiy tadbirlaridan biridir. Bu yil bu yerda transport sohasining avtomobil, dengiz, temir yo‘l, multimodal va aviatsiya tashishlari, shuningdek, logistika xizmatlari hamda ta’minot zanjirlari kabi yo‘nalishlari bo‘yicha turli xil texnologiyalar, mahsulotlar va yechimlar namoyish etildi. Alohida e’tibor ombor texnologiyalariga qaratildi.
“TransLogistica Uzbekistan 2025” da 14 ta mamlakatdan, shu jumladan, Rossiyadan ham, 75 ta kompaniya ishtirok etdi.
Xususan, “Transmashxolding” va “Daobit” kompaniyalari transport logistikasi, mashinasozlik va ta’minot zanjirini boshqarish sohalarida zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni namoyish etdilar.
Ko‘rgazmada ilk bor Rossiyaning “Negabaritika" kompaniyasi - Rossiya, MDH, Yevropa va Xitoy hududlari bo‘ylab katta o‘lchamli va og‘ir yuklarni tashuvchi korxona ishtirok etdi.
“MTZ Transmash” AJ harakatlanuvchi tarkibning barcha turlari uchun tormoz tizimlarini ishlab chiqarishda yetakchi korxonadir. Bu yuk vagonlari, barcha turdagi lokomotivlar: manyovrlik, tortuvchi, elektrovoz va boshqalar. O‘zbekiston bilan hamkorlik esa sobiq SSSR davridan beri bo‘lib kelgan.
“Bu aloqalar hech qachon uzilmagan. Faqat 90-yillarda biroz susayish kuzatilgan edi. Bugungi kunda ular jadal rivojlanmoqda. Biz O‘zbekistondagi barcha vagon ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz, shuningdek, Toshkent metropoliteni uchun ehtiyot qismlarni yetkazib beramiz”, - dedi “MTZ Transmash” AJ vakili Vitaliy Sidorov.
Belarus Respublikasining transport majmuasi alohida stendda namoyish etildi.
“Bugungi ko‘rgazmada 6 ta tashkilot ishtirok etmoqda. Ularning orasida 4 ta zavod bor: Minsk vagon ta’mirlash, Gomel vagon ishlab chiqarish, Brest elektrotexnika va Gomel elektromexanika zavodlari. Shuningdek, avtomobil tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi Jenty kompaniyasi hamda Belarus temir yo‘lining rasmiy ekspeditori va logistika operatori “Belintertrans” ham taqdim etilgan”, - deb ma’lum qildi BelNIIT “Transtexnika” transport vositalari va uskunalarini sinash markazi mudiri Anton Ostroux.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Uzbekistan Airports, Aviation and Logistics Forum” Xalqaro aviatsiya va logistika forumini o‘z ichiga olgan ishbilarmonlik dasturi amalga oshirildi. Shuningdek, avtomobil va temir yo‘l tashishlari uchun raqamli yechimlar taqdim etilgan seminar-taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmaning tashkilotchilari — “Iteca Exhibitions” Xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group”.
Ko‘rgazma qanday o‘tganligi haqida batafsil Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.