TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Toshkent shahri va viloyatida ekologik nazorat tadbirlari davomida havoga zararli moddalar chiqarish bo‘yicha qonun talablarini buzgan 58 ta issiqxonaga ma’muriy jarima qo‘llanildi va 106 ta xo‘jalikning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Nazorat tadbirlari Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va viloyat hokimliklari tomonidan 300 nafardan ortiq mutaxassis ishtirokida amalga oshirildi.
Ishchi guruhlar issiqxonalar, sanoat korxonalari va ijtimoiy soha obyektlarining atmosferaga chiqarilayotgan tutun, chang va zaharli gazlarni kamaytirish bo‘yicha choralarini to‘liq xatlovdan o‘tkazdi.
Tadbirlarda 4 869 ta obyekt o‘rganildi. Ular orasida 595 ta issiqxona xo‘jaligi, 2 265 ta ijtimoiy soha obyekti va 1 998 ta sanoat hamda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Shuningdek, 387 holat bo‘yicha ekologik talablarga rioya etish, plonka va avtoshinalarni yoqilg‘i sifatida ishlatmaslik haqida rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.