TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevga 2026-yilda inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Yig‘ilishda qayd etilishiga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda 2026-yilda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini rag‘batlantirish, banklar tomonidan agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytish rejalashtirilgan.
Shuningdek, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligi va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu maqsadlarda tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trillion so‘mga yetkaziladi.
Yig‘ilishda shuningdek, prezident topshirig‘iga ko‘ra, yil boshidan buyon mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik subyektlariga 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgani aytib o‘tildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p ekani qayd etildi.
Undan tashqari mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi.
2026 yilda ham ushbu ishlar davom ettiriolib mikro, kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmi 140 trillion so‘mga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mo‘ljallangan.
Shavkat Mirziyoyev aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish - bank-moliya siyosatining bosh vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.